
Bugungi kunda aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, fuqarolarning tibbiy va ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish – nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo hamjamiyati oldida turgan dolzarb masala.
Bunda sanitariya va gigiyena qoidalari, oqilona ovqatlanish tarziga rioya etishga doir profilaktika tadbirlarini ishlab chiqish, avvalo, yoshlar orasida sog’lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida ovqatlanish madaniyati, jismoniy faollikni targ’ib etish muhim ahamiyat kasb etadi.
To’g’ri ovqatlanish sog’lom bo’lishning, uzoq umr ko’rishning eng asosiy omilidir. Odamning sog’ligi uning yegan ovqatiga bog’liqdir. Tana uchun kerakli bo’lgan kuch-quvvat va barcha moddalar ovqat orqali o’tadi.

Qadim zamonlardan insonning iste’mol qilgan ovqati uning kayfiyatiga, sog’ligiga, hayotiga, hatto taqdiriga ham ta’sir qilishi kuzatilgan. Sohaga oid zamonaviy tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, yegan ovqatimiz bizga nafaqat muayyan oziq, kaloriya beradi, balki DNK strukturasini va tarkibini o’zgartirishga qodir. Qadimgi yunon mutafakkiri Gippokratning “Bizning oziq- ovqatimiz – bizning dori-darmonimiz” degan so’zlarini eslash kifoya.
To’g’ri va oqilona ovqatlanish – uzoq va faol umr garovi. To’g’ri va oqilona ovqatlanish inson umrini uzaytirib qolmay, salomatligiga ijobiy ta’sir etadi, organizmning normal faoliyat yuritishiga yordam beradi.

Bolalarning ratsioni zarur energetik qiymatga ega bo’lishi kerak, ya’ni ovqat kaloriyasi hayot faoliyati uchun sarflangan energiyaga muvofiq bo’lishi zarur.
Umumiy oilaviy dasturxondan kuniga bolalarni uch-to’rt mahal ovqatlanishiga erishish, ertalabki nonushta kundalik ovqatning 25% ni, tushlik 35-40 % ni, kechki ovqat 25 % ni tashkil qilishi zarur. Bundan tashqari, kuniga ikki marta asosiy ovqatlanish orasida bolaga yeyish uchun yengil mahsulotlarni berish kerak. Ovqat juda issiq va juda sovuq bo’lmasligi lozim.
Bola organizmi foydali moddalarga tanqislik sezmasligi uchun ratsionning xilma-xilligiga e’tibor qaratish lozim. Ovqat ratsioni to’yimli bo’lishi, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida oqsillar, uglevodlar, yog’lar, vitaminlar, mikroelementlar va mineral moddalar mavjud bo’lishi zarur.

To’g’ri ovqatlanishning eng muhim omillari.
– ovqat tayyorlash texnologiyasiga rioya qilish.
To’g’ri tayyorlangan ovqatda uni tashkil etuvchi mahsulotlardagi mavjud barcha vitaminlar va mineral moddalar to’liq saqlanib qoladi. Ovqat tayyorlash jarayonida qo’pol xatoliklarga yo’l qo’yish, mahsulotlarni tayyorlash texnologiyasiga amal qilmaslik ovqatni sifatini pasayishiga, organizm uchun hech qanday qiymati bo’lmagan “o’lik” taomga aylanishiga olib keladi .
– ovqat uchun faqat yangi, sifatli, muddati o’tmagan, ezilmagan, chirimagan toza mahsulotlarni ishlatish. Ovqat mahsulotlari to’g’ri asralsa, oziqlik hamda biologik qiymati yo’qolmaydi, shuningdek, ovqatdan zaharlanishning oldi olinadi. Tayyor taomlar tez buziladigan mahsulotlar hisoblanadi. Ularni 4-6 soatdan ortiq saqlab bo’lmaydi. Аks holda bu mahsulotlarda mikroorganizmlar tez rivojlanadi, bunda oziq-ovqatning tashqi ko’rinishi o’zgarmay turaverishi mumkin, shuning uchun odamlar uni iste’molga yaroqli deb o’ylashadi. Buning oldini olish uchun, albatta har bir mahsulotning yaroqlilik muddatini bilish, muddatidan o’tgan mahsulotlarni ovqatga ishlatmaslik kerak.
– har kungi ratsionda nafaqat pishgan ovqat, balki tirik mahsulotlarning mavjudligi (asal, mayiz, yong’oq, turli ko’katlar, sabzavotlar, mevalar, qatiq, tvorog, brinza, chakki kabi). Iste’mol qilinadigan ovqatning 65-70% tirik mahsulotlardan, qolgan 30-35% pishirilgan mahsulotlardan iborat bo’lishi kerak.

– Va albatta, ovqatlarning xilma-xilligi muhim rol o’ynaydi. Har kuni bir narsani yeyaverish ishtahani so’ndiradi, tanani holsizlantiradi, tanaga kerakli bo’lgan turli mineral moddalar, vitaminlarni kirishiga to’siq bo’ladi.
To’g’ri ovqatlanish bo’yicha zaruriy tavsiyalar.
1.Ovqat bilan birga dasturxonda albatta, turli sabzavotlardan tayyorlangan salatlar, mevalar, ko’katlar kabi ishtaha ochuvchi, chakki, brinza, qatiq kabi hazm jarayonini yaxshilovchi bifidobakteriyalarga boy sut mahsulotlari bo’lsin.

2.Salatlar ovqatdan oldin tanovul qilinishi lozim. Shunda kishining ishtahasi ochiladi, ovqat yaxshi hazm bo’lishiga zamin yaratiladi. Buning fiziologik ahamiyati ham bor – bunda oshqozon soki tezroq ajraladi hamda ovqatni me’yoridan ortiq yeb qo’yishning oldi olinadi.
3.Ovqat yeyish me’yoriga amal qilish kerak. Me’yordan ortiq yeyilgan ovqat semizlikka olib keladi, bu esa o’z navbatida oshqozon-ichak kasalliklarini, yurak-tomir kasalliklarini va asab kasalliklarini keltirib chiqaradi, tana tez ishdan chiqadi va o’z hayotiy resurslarini muddatidan oldin sarf qilib yuboradi.
4.Ovqatlanishda ishtaha muhimligini yuqorida ta’kidlagan edik. Uning yana bir ahamiyatini aytib o’tmoqchimiz. Kasal, betob odamlarda ishtaha yo’qoladi, darmon quriydi. O’zi shundoq ham kasal tananing kuchini, agar ishtaha bo’lmasa, ovqat yeyishiga behuda sarflamaslik kerak.
5.Kechki ovqatni uxlashdan kamida 2-3 soat oldin tanovul qilmoq lozim, chunki kechga tomon odamning harakatlari cheklanadi va eyilgan taom juda sekin hazm bo’ladi. Hazm bo’lishga ulgurmagan taom – tanaga quvvat emas, balki zahardir.
6.Har bir mevani o’z faslida yemoq lozim. Qishda parnikda o’stirilgan yozgi meva va sabzavotlardan ko’ra turli konservatsiyalar, murabbolar, salatlar foydaliroqdir.

7.Har kuni ko’k choy ichaverishning ham hech qanday nafi yo’q. Negaki bunda tanada ko’nikish hosil bo’ladi va choyning shifobaxsh ta’siri yo’qoladi. Tabiatda choy o’simligidan ham boshqa turli dorivor o’tlar juda ko’p. Na’matak (shipovnik), kiyik o’ti damlamasi, olma choy, rayhon choy, o’rik sharbati, kvas, turli mevalardan tayyorlanadigan kompotlar kabi ota-bobolarimizning kundalik turmushidan o’rin olgan ichimliklarni ovqatlanish ratsioniga albatta kiritish kerak. Ko’k choyni esa faqat manti, palov, beshmarmoq kabi og’ir ovqatlardan so’ng ichish maqsadga muvofiq.
Sanepidqo’mita O’zbekiston tuman bo’limi Axborot xizmati.

