Insonlarning tuberkulyoz kasalligi bilan kasallanishi qadim zamondan buyon ma’lum bo’lib, kasallikni tuberkulyoz tayoqchalari deb nomlangan bakteriyalar keltirib chiqaradi.

Tuberkulyoz kasalligini keltirib chiqaruvchi tuberkulyoz tayoqchalarini 1882- yil 24 mart kuni Robert Kox aniqlaganligi sababli, ushbu kun “Butun jahon tuberkulyozga qarshi kurash kuni” deb e’lon qilingan. Statistik ma’lumotlarga qaraganda har yili yer yuzida 8-10 million odam tuberkulyoz bilan kasallanadi va 3 million kishi vafot etadi.
Tuberkulyoz bilan kasallanish hozirgi kunda asosan yoshi katta, ya’ni nafaqadagi insonlar, qandli diabet, o’pkaning surunkali kasalligi bilan xastalanganlar orasida ko’plab uchramoqda. Bunga sabab yuqoridagi shaxslarning immun tizimi kuchsizlangan bo’ladi va ular organizmi tuberkulyoz bilan kasallanishga moyil bo’lib qoladi.
Tuberkulyoz kasalligi yuqumli bo’lib, kasallikni asosan tuberkulyoz bilan og’rigan odam va kam holatlarda chorva hayvonlari atrofga tarqatadi. Tuberkulyoz kasalligi mikobakteriyalari havo tomchi yo’li, chang orqali yuqadi.

Tuberkulyoz tayoqchalari nafaqat o’pkani, balki boshqa organlar va to’qimalarni ham shikastlashi natijasida, suyak tuberkulyozi, peshob ajratish tizimi tuberkulyozi, oshqozon ichak tizimi tuberkulyozi, teri tuberkulyozi va boshqa organlar tuberkulyoz kasalliklari bo’lishi mumkin. Tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar kasallikni boshlang’ich davrida o’zlarini sog’lom deb hisoblaydilar va hech qanday shikoyat qilmaydilar. Kasallik kuchayishi bilan, bemorda yo’tal, xolsizlik, charchash, uyquning buzilishi, ishtahaning kamayishi, ozib ketish, tana haroratini ko’tarilishi, ko’p terlash, nafas siqilishi, ko’krak qafasida og’riq kabi belgilar paydo bo’ladi va tibbiyot muassasalariga murojaat qilganda, tuberkulyoz kasalligini davolashda foydalanadigan maxsus dori vositalaridan foydalanilmasa kasallikning zo’rayishi kuzatiladi.
Аgar yuqoridagi holatlar kuzatilsa albatta ftiziatrga murojaat qilish kerak, bu esa kasallikni erta aniqlanishiga va qisqa muddatlarda to’liq davolanishga sabab bo’ladi.
Tuberkulyoz kasalligi hozirgi kunda bedavo dard emas, ya’ni tuberkulyoz kasalligi bilan og’rigan bemorlar to’liq davolanmoqda. Buning uchun shifokor tomonidan tavsiya etilgan dori vositalarini o’z vaqtida qabul qilish, vitaminlarga boy, quvvatli oziq- ovqatlarni iste’mol qilish, o’z vaqtida dam olish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaslik, lozim bo’lganda sixatgoxlarda davolanish kerak bo’ladi.
Davlatimiz tomonidan tuberkulyoz kasalliklarini davolash uchun bepul dori vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanmoqda.
Аgar xonadonda tuberkulyoz bilan kasallanish xolati kuzatilsa, bemorni albatta alohidalash, ya’ni alohida, quyosh nurlari yaxshi tushadigan xona, idish tovoqlar, o’rin joylar bilan ta’minlash va idish tovoqlar, kiyimlarni alohida yuvish kerak, agar bemorda balg’am ajratish kuzatilsa, bemor uchun 2 ta tufdon bo’lishi hamda ular har kuni qaynatish yo’li bilan zararsizlantirilishi shart.
Haftada 2 marta o’rin joylarni quyoshga yoyish kerak bo’ladi, chunki quyosh nurlari tuberkulyoz tayoqchalarini tezda yo’qotadi.Ushbu tadbirlar amalga oshirilsa tuberkulyoz kasalligini xonadondagi boshqa sog’lom a’zolariga yuqib qolishini oldi olinadi.
Tuberkulyoz bilan kasallanmaslik uchun, to’g’ri ovqatlanish, o’z vaqtida dam olish, sog’lom turmush tarziga rioya etish, har yili bir marta tibbiy ko’rikdan o’tish, agar qandli diabet, o’pkaninig surunkali kasalliklari bilan dispanser kuzatuvida turgan bemorlar bo’lsa flyurografik tekshiruvlardan o’tib turishlari hamda sog’liq uchun zararli bo’lgan( spirtli ichimliklar iste’mol qilish, sigareta chekish) kabi odatlardan voz kechish kerak bo’ladi.

Har bir insonning sog’lig’i o’z qo’lida, o’z sog’lig’imizga e’tiborsiz bo’lmaylik.
O’zbekiston tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo’limi.
