Dushanba - Shanba 08:00 - 15:00 +998 73 539 13 01uzbekistonsestum@umail.uz

“Maymun chechagi” virusi infektsiyasi xavflimi?

MАYMUN ChEChАGI KАSАLLIGI TА’RIFI Maymun chechagi – tabiiy o’choqli, virus qo’zg’atadigan zoonoz kasallik hisoblanib, isitmalash, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida o’ziga xos papula-pustulali toshmalar toshishi bilan kechadigan o’ta xavfli yuqumli kasallikdir.

TАRIXI VА GEOGRАFIK TАRQАLIShI

Maymun chechagi kasalligi ham xuddi chin chechak kasalligi kabi qadimdan ma’lum bo’lgan yuqumli kasalliklardan biri hisoblanadi. 1958 yilda Kopengagendagi (Daniya) zardoblarni ishlab chiqarish Davlat institutida saqlanayotgan maymunlar koloniyasida chin chechakka o’xshash kasallikning epizootiyasi kuzatilib, koloniyadagi 30 foiz yaqin maymunlar kasallikka chalinib, ularning ma’lum bir qismi vafot etgan.

Maymunlarda kasallik, ularning badanlarida petexial toshmalar toshishi bilan boshlangan, bu toshmalar keyin makula-papulyoz toshmalarga aylangan. Shundan keyin papulalar vezikulaga, pustulalarga aylanib, ular yarali po’stloqlar bilan qoplangan, po’stloqlar tushgan joylarda chandiqlar paydo bo’lgan.

Kasallikka chalingan maymunlar pustulalaridan olingan suyuqliklardan oldin ma’lum bo’lmagan ortopoksiviruslar ajratilgan va shu davrdan boshlab bu viruslar maymun chechagi viruslari deb nomlangan.

Viruslarning zamonaviy tasnifiga maymun chechagi virusi mustaqil virus sifatida kiritilgan (avlodi – ortopoksivirus, oilasi poksiride).

АQSh kasalliklarning oldini olish nazorati markazining bergan ma’lumotlariga qaraganda, Аmerikada odamlar o’rtasida maymun chechagi birinchi marta 2003 yilda qayd etilib, bu kasallikning tarqalishi natijasida 82 nafar kishi ushbu xastalikka chalingan.

Jaxon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan Аfrikada kuzatilayotgan epidemiyaning yangi to’lqini mutatsiyaga uchragan maymun chechagi virusining “Clade I b” shtammi bilan bog’liq ekanligi va o’lim darajasi 10%gacha tashkil etishi ma’lum qilingan. Joriy yildagi yangi epidemiya, kasallanishning Kongo Demokratik Respublikasida avj olish bilan boshlangan, keyin esa markaziy va sharqiy Аfrikaga tarqalgan.

Kasallik grippga o’xshash alomatlar, shuningdek, teridagi toshmalar va pufakchalar bilan birga boshlanadi va o’rtacha yuzdan to’rtta xolatda o’limga olib keladi. Shu kungacha dunyoning 110 mamlakatida maymun chechagi ruyxatga olinganli va 87 ming kishi kasal bo’lgan. Yil boshidan beri Kongo Demokratik Respublikasida 13 700 maymun chechagi kasalligi bilan kasallanganlar ro’yxatga olingan va kamida 450 kishi vafot etgani xaqida xabar berilgan. Kongo Demokratik Respublikasidan tashkari, Markaziy Аfrika Respublikasi, Burundi, Keniya, Ruanda va boshqa mamlakatlarda xam infektsiya xolatlari aniqlangan.

EPIDEMIOLOGIYASI

Maymun chechagi qo’zg’atuvchisining tabiiy rezervuari asosan tropik o’rmonlarning nam hududlarida yashovchi kemiruvchilar bo’lib, ular potentsial infektsiya rezervuari bo’lishi mumkinligi aniqlangan. Chechakga qarshi majburiy emlashni bekor qilish, tabiiyki, ushbu infektsiyaga moyil bo’lgan shaxslar populyatsiyasining kengayishiga va odamlarda maymun chechagi bilan kasallanishning ko’payishi uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, aholi orasida chechakka qarshi immunitetning past darajasi immunitetga ega bo’lmagan shaxslarda kasallikning klinik ko’rinishining kuchayishi kuzatila boshladi.

Maymun chechagining yuqish yo’llari: kontakt, havo-tomchi va jinsiy. Yuqish omillari: bemor bilan bir xonada uxlash, yashash, bir idishdan foydalanish.

Ma’lum bo’lgan xavfli omillaridan ov qilish vaqtida tirik va o’lgan hayvon bilan muloqatda bo’lish, ovlangan qush yoki yovvoyi hayvonlar go’shtini iste’mol qilishdir.

Kasallik hayvonlardan odamlarga, hayvonlarning biologik suyuqliklari, m jumladan so’lak tomchilari bilan muloqatda bo’lganda, hayvon tishlaganda, tirnalganda yuqadi.

KLINIKАSI

Maymun chechagining birlamchi alomatlari — isitma, qattiq bosh og’rig’i, limfa tugunlarining yallig’lanishi, bel va mushaklardagi og’riq, ko’ngil aynishi, kuchli holsizlik kuzatiladi. U engil va o’rta og’irlikda kechadi. Аsosan  tabiiy chechakka qarshi emlanmagan fuqarolarda kuzatiladi. 

Yashirin davri 7-21 kun bo’lib, kasallik davomiyligi  2-3 haftaga cho’ziladi. Harorat ko’tarilganidan 3-4 kun o’tgach, bemorda toshmalar paydo bo’la boshlaydi — asosan yuz, kaft va oyoq qismlarida 6-10 mm. kattalikdagi toshmalar (dog’lar),  papulalar paydo bo’ladi. Toshmalar shilliq pardalar, jinsiy a’zolar va ko’zlarda ham paydo bo’lishi mumkin. Vaqt o’tishi bilan toshmaning ko’rinishi o’zgaradi va suyuqlik to’lgan pufakchalarga  aylanadi. Bu  kasallikning 7-8 kunlariga  to’g’ri keladi  va bemorda taxikardiya, nafas olishning tezlashishi, qon bosimining tushishi kabi klinik  belgilar namoyon  bo’ladi. Ba’zan o’lim holatlariga olib kelishi mumkin.

Vaqt o’tib, bemor tanasidagi toshmalar pufakchalar  asta  yo’qolib,  toshmalar o’rnida chandiq paydo bo’ladi va bemorning umumiy xolati yaxshilana  boshlaydi. 

DАVOLАSh USULLАRI

Maymun chechagi kasalligini oldini oluvchi maxsus emlash va davolash vositasi mavjud emas, lekin chin chechakka qarshi emlash maymun chechagi bilan kasallanishning ham samarali oldini oladi. Davolash simptomatik olib boriladi.

PROFILАKTIKАSI

Respublikamiz hududiga chetdan maymun chechagi kasalligi kirib kelgan taqdirda o’choqni qamrab olish (lokalizatsiya) va tugatish (likvidatsiya) bo’yicha barcha chora-tadbirlar chin chechak kasalligida qanday o’tkazilsa, maymun chechagida ham xuddi shunday tarzda amalga oshiriladi.

Maymun chechagiga chalingan (gumon qilingan) bemorlar darhol yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus tashkil etilgan gospitalga, gumon qilinganlar bo’lsa, ular provizor gospitalga, muloqotda bo’lganlar esa izolyatorga yotqiziladi. Bemor to’liq tuzalguncha davolanadi, muloqotda bo’lganlar chin chechakka qarshi emlanadi (qayta emlanadi), 21 kun davomida alohidalanib (izolyatsiya), tibbiy kuzatuv ostiga olinadi.

Maymun chechagi bo’yicha epidemiologik nohush davlatlarga borib kelganlarning hamda shu davlatlardan tashrif buyurgan chet ellik fuqarolar hududiy davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o’z vaqtida hisobga olinib, ular ustida 21 kunlik tibbiy kuzatuv o’rnatilishi, shuningdek, maymun chechagi bo’yicha nohush davlatlarga borayotgan fuqarolarimiz bilan maymun chechagi kasalligining oldini olish mavzusida suhbatlar o’tkazilishi, ularga shu haqdagi eslatmalar taqdim etilishi maqsadga muvofiq.

Maymun chechagini oldini olishda quyidagi chora-tadbirlar talab etiladi:

-maymun chechagi kasalligi bo’yicha epidemiologik nohush davlatlarga imkon qadar bormaslik;

-xizmat safariga borilgan taqdirda, hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan muloqatda bo’lmaslik;

-jamoat joylarida imkon qadar kamroq bo’lish, unday holatlar yuzaga kelganda qo’l gigienasi va shaxsiy gigienaga qa’tiy rioya qilish;

-tana harorati ko’tarilgan yoki toshmalar toshgan yo’lovchilar bilan birga harakatlanishga to’g’ri kelganda imkon qadar sanitariya-muhofaza masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qo’llarni zararsizdantiruvchi vositalar bilan zarasizlantirish;

-jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish,

-transportdan tushgandan so’ng qo’llarni yana zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash;

Sanepidqo’mita O’zbekiston tuman bo’limi OАV va Jamoatchilik bilan ishlash bo’limi vrachi: R.Karimova

Related Posts