Bahor faslida yog`ingarchilik ko`p bo`lishi zamburug`larni, sodda qilib aytganda «qo`ziqorinlar»ni ko`payishiga olib keladi.

Yer yuzida qo`ziqorinlarning 100 000 dan ortiq botanik turlari mavjud bo`lib, O`zbekiston hududida ularning 300 dan ziyod turi mavjud. Biroq shulardan atiga 25 turigina iste`mol uchun yaroqli hisoblanadi. Iste`mol uchun yaroqli qo`ziqorinlar mikroelementlar, oqsil, «C» va «B» guruhlariga mansub vitaminlarga juda boydir. Uning eng asosiy ustunligi – tarkibida oqsilning mo`lligida. Qo`ziqorinda oqsil tuxumdan 2, go`shtdan 3 barobar ko`p ekan. Fosfor va kalsiy borasida baliq qatori. Qo`ziqorin qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi. U, shuningdek, qandli diabet bilan og`rigan kishilarga foydali.

Respublikamiz hududida o`sadigan qo`ziqorinlarning 275 turi zaharli hisoblanadi. Ularning tarkibida turli xil kuchli zaharli moddalar mavjud bo`lib, qo`ziqoringa qanchalik ishlov berilmasin (qaynatish, qovurish, dimlash, dudlash, marinadlash), tarkibidagi zaharli moddalar yo`qolib ketmaydi hamda oshqozon-ichak fermentlari ta`sirida parchalanmaydi, iste`mol qilgan insonlarni zaharlanishga, og`ir hollarda esa – o`limga olib keladi.

Qo`ziqorinlar xom sabzavotlar (bodring, karam, pomidor) bilan kelisha olmaydi, bunday aralashma oshqozon buzilishi va dam bo`lishga olib keladi. Shu bois uni faqatgina pishgan sabzavotlar bilan birga iste`mol qilgan ma`qul.
Respublikamizning ba`zi jamoa va shirkat xo`jaliklariga maxsus issiqxonalarda iste`mol uchun yaroqli bo`lgan «veshenka» va «shampinyon» qo`ziqorin turlarini yetishtirish va savdo qilish uchun ruxsat berilgan.
Madaniy sharoitda yetishtirilayotgan qo`ziqorinlar va ulardan tayyorlangan konserva mahsulotlariga sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati nazoratining laboratoriyalarida tahlil qilinib, inson sog`ligi uchun zararsiz deb topilgan taqdirda gigienik sertifikat beriladi. Ana shunday qo`ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarni savdo shaxobchalaridan xarid qilish hech qanday xavf tug`dirmaydi.

Ta`kidlash joiz, qo`ziqorinlarning havodagi moddalarni so`rib olish va o`zida saqlash xususiyati tufayli, ekologik toza bo`lmagan joylarda (sanoat korxonalari atrofida, avtomobil yo`llari chetida) o`sgan iste`molga yaroqli xisoblangan qo`ziqorinlarni iste`mol qilish tavsiya qilinmaydi. Avtomagistral yo`l yoqalari, zaharli og`ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o`sadigan qo`ziqorinlardan ham zaharlanish holatlari kuzatiladi. Chunki mashinalardan chiqadigan is-gazlar va zaharli moddalarni qo`ziqorinlar o`ziga singdirib oladi, demak bunday holatlarda iste`molga yaroqli bo`lgan qo`ziqorinlardan ham odam zaharlanadi.
– Iste`mol qilish mumkin bo`lgan va zaharli qo`ziqorinlarni bir-biridan ajratish murakkab. Ko`p hollarda ular bir-biriga o`xshaydi. Oq qo`ziqorin, qizil qo`ziqorin, shampinion va opyonok turlari iste`molga yaroqli qo`ziqorinlardir. Zaharli (qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo`ziqorin)larni iste`mol qilganda, tuzlangan yoki marinovka qilingan qo`ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda zaharlanish ro`y beradi.

Iste`molga yaraqli – “smorchok” va “strochok” qo`ziqorinlaridan noto`g`ri taom tayyorlanganda ham kishi zaharlanib qolishi mumkin. Chunki ular tarkibida zaharli gelvelat kislota bo`lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun bunday turdagi qo`ziqorinlarni iste`mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to`kib tashlash kerak.
Zaharli qo`ziqorinni bilmay iste`mol qilgan kishilar 6-12 soat vaqt o`tganidan so`ng ko`ngli aynib, tez-tez qayt qiladi. Oshqozon-ichak faoliyati buzilib, qorinda og`riq paydo bo`ladi va butun a`zoyi badani bo`shashib ketadi.Qo`ziqorindan zaharlanganda kasallik belgilari iste`mol qilingan qo`ziqorinning turiga qarab, turlicha namoyon bo`ladi. Masalan, qizil muxamor tarkibida muskaridin va muskarinal kaloidlari mavjud. Qizil muxamordan zaharlanganda kasallik belgilari 1-2 soat o`tgach namoyon bo`ladi. Asab tizimi faoliyatida o`zgarishlar, so`lak oqishi, ko`p terlash, ko`zdan yosh oqishi mumkin, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, bemorlarda alahsirash (galyutsinatsiya), titrash, shuningdek, ko`z qorachig`ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi. Qo`ziqorin tarkibidagi zaharli moddalar jigar, buyrak, me`da osti bezi va markaziy asab tizimi a`zolarini qattiq shikastlaydi.

Qo`ziqorindan zaharlanish alomatlari vujudga kelgan taqdirda bemorga 1-2 litr osh tuzi eritmali iliq suv ichirilib, sun`iy qayt qildiriladi, me`dasi yuviladi. Agar me`da yuvilib, undagi zaharli moddalardan xalos etilmasa, ular qonga so`riladi va zaharlanish yanada og`irlashadi. Bemorlarga tez tibbiy yordam ko`rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog`ayib ketadi. O`z vaqtida davo choralari ko`rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og`irlashib, fojiali yakun topishi ham mumkin. Bunday nohush holatlarni kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo`ziqorinlarni ajrata olishi lozim. Qo`ziqorindan zaharlanishning dastlabki belgilaridayoq zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.
Bozorlar va savdo do`konlaridan qo`ziqorin xarid qilmoqchi bo`lsangiz, gigienik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma`lumotnomani talab qiling. Qo`ziqorinlarni turg`un savdo shoxobchalaridan, belgilangan joylardan tegishli sifatini kafolotlovchi hujjatlari bor bo`lgan taqdirda xarid qiling.
Sanepidqo’mita O’zbekiston tuman bo’limi vrachi: R.Karimova.

