Emlash yuqumli va hatto o’lim bilan tugaydigan kasalliklar tarqalishining oldini oladi. Milliy emlash kalendariga ko’ra, emlash oson, majburiy va bepul hisoblanadi. Barcha o’tkazilgan emlashlar maxsus emlash kartasida ro’yxatga olinadi. Emlangan odam yuqumli kasalliklar tashuvchisi emasligi va atrofdagilarga xavf tug’dirmasligining tasdigi hisoblanadi. Emlash nafaqat yuqumli kasalliklar bilan kasallanish ehtimolini pasaytiradi, balki aholi o’rtasida epidemiya, pandemiyani oldini olib, inson umrini uzaytirishga xizmat qiladi. Shu manoda, aholini boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash xastaliklarni kamaytirish, infeksiya o’choqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi. Аna shu omillarni hisobga olgan holda, mamlakatimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Unga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar, jumladan, difteriya, ko’kyo’tal, qoqshol, sil, virusli gepatit B, poliomielit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infektsiyasi, bachadon bo’yni saratoniga qarshi (VPCh) rejali vaktsinatsiya tadbirlari o’tkaziladi.

Yurtimizda, xususan, tumanimizda ham emlash va vaksinatsiya ishlari belgilangan reja asosida izchil va tizimli olib borilmoqda, Natijada aholi, ayniqsa, bolalar o’rtasida turli yuqumli kasalliklar kelib chiqishi holatlari keskin kamaymoqda.Bola tug’ilishi bilan tug’ruq komplekslarida chaqaloqning yuqumli kasalliklarga karshi emlanishi nazoratga olinadi. Chaqaloq tug’ilishining birinchi kunida virusli gepatit B kasalligiga karshi vaktsinasi, 2-5 kunida sil kasalligiga karshi BSJ vaktsinasi bilan emlash olib boriladi. Shu tariqa tibbiyot xodimlari tomonidan bola Milliy kalendar asosida toliq emlanishi taminlanadi.
O’lat bu ommaviy emlash yo’li bilan to’liq yo’q qilingan yagona kasallik bo’lib, unga qarshi bugungi kunda emlash shart emas. Boshqa qolgan barcha kasalliklar dunyoning qaysidir chekkasida hali tirik holda saqlanmoqda. Аgar, aholi o’rtasida emlash to’xtatilsa, kasalliklar epidemik tusga yana qaytadi.
Shuni yodda saqlash kerak-ki, og’ir yuqumli kasalliklar bo’yicha etarlicha barqarorlik va epidemiyaning yo’qligiga aholini ommaviy emlash orqali erishildi. Emlanganlarda qo’zg’atuvchilarga qarshi immunitet hosil bo’lib, emlanmaganlar ko’payishi bilan mikroorganizmlar o’z hayot faoliyatini qarshiliklarsiz boshlaydi va epidemiyalar keltirib chiqaradi. Emlash nafaqat bolalarni, balki turli yoshdagi aholini ham himoya qilish xususiyatiga ega.
Xalqaro tajribadan malum bo’ldiki, emlashlarning keng qo’llanilgani sababli, polimielit, qizamiq, difteriya, ko’k yo’tal, parotit, qoqshol va meningitning bazi turlari kabi keng tarqalgan kasalliklar hozirda kamdan-kam uchraydi. Emlangan odamlarda kasallik qo’zg’atuvchi virus yoki bakteriyalarni zararsizlantiradigan antitanachalar paydo bo’ladi. Ularning kasallikka chalinishi hamda mikroblarni tarqatish ehtimoli juda kam bo’ladi. Shunday ekan har bir ota-ona farzandlarini o’z vaqtida emlamalarni olishiga, yukumli kasalliklardan himoyalanib, kasalliklarni tarqalmasligiga javobgardirlar.
Sanepidqo’mita O’zbekiston tuman bo’limi Epidemiolog vrachi D.Meliboyeva.

